Rossiyaning raqamli platformasi Max O‘zbekistonlik foydalanuvchilar uchun lokalizatsiyani kengaytirdi. Xizmat interfeysi endi o‘zbek tilida mavjud bo‘lib, ilovada +998 kodli telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Bu haqda UzDaily xabar berdi.

O‘zbek tilidan tashqari, foydalanuvchilar rus, ingliz, ispan yoki braziliya portugal tillarini tanlashlari mumkin. Max’da jami 40 mamlakat, jumladan, MDH davlatlari, Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasi telefon raqamlari orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Platforma 2025-yil mart oyida taqdim etilgan. Max messenjer va ovozli qo‘ng‘iroqlar funksiyalarini qo‘shimcha raqamli xizmatlar: to‘lovlar, elektron davlat xizmatlari va raqamli ID yordamida shaxsni tasdiqlash bilan birlashtiradi.

O‘zbekiston Max’ning eng faol xorijiy bozorlari qatoriga kiradi. Avvalroq, aynan O‘zbekiston, Belarus va Qozog‘iston Rossiyadan tashqaridagi foydalanuvchilar orasida ro‘yxatdan o‘tishlar soni bo‘yicha yetakchilik qilgani xabar qilingan edi.

Shunday qilib, o‘zbek tilining qo‘shilishi Max’ni Markaziy Osiyo auditoriyasi uchun moslashtirish bo‘yicha navbatdagi qadam bo‘ldi.