Uch investor MobiUz operatorini xususiylashtirish finaliga chiqdi

Barcha ishtirokchilar Term Sheet-ga imzo chekishdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berishicha, «Universal Mobile Systems» MCHJ (MobiUz) mobil aloqa operatoridagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro ochiq jarayonning yakuniy bosqichi davom etmoqda.

Bitim shaffofligini ta’minlash uchun xalqaro maslahatchilar jalb qilingan: Rothschild & Co strategik va moliyaviy maslahatchi, KPMG moliyaviy, soliq va yuridik tekshiruv bo‘yicha ekspert (vendor due diligence), Deloitte esa mustaqil baholovchi hisoblanadi.

Majburiy bo‘lmagan narx takliflarini (NBO) taqdim etish bosqichida 10 ta xorijiy investordan arizalar kelib tushdi, ulardan 7 tasi majburiy takliflarning (BO) final bosqichiga qabul qilindi. Yakuniy bosqich analitik hisobotlar bilan virtual ma’lumotlar xonasiga (VDR) kirish, korxonaga tashriflar va rahbariyat bilan uchrashuvlarni o‘z ichiga oldi. Barcha ishtirokchilar Term Sheet — bitimning asosiy shartlari to‘g‘risidagi kelishuvga imzo chekishdi.

2025-yil 19-dekabrgacha olti nafar da’vogar majburiy narx takliflarini taqdim etdi. Takliflarni tahlil qilish va xalqaro tajribani hisobga olgan holda, eng yuqori narxlar va raqobatbardosh shartlarni taklif qilgan uchta da’vogar aniqlandi. Ularga takliflarni 2026-yil 23-yanvar soat 23:59 ga qadar (Toshkent vaqti bilan) yaxshilash uchun qo‘shimcha vaqt berildi.

Maslahatchilar barcha ishtirokchilarga BO bosqichi natijalari va xususiylashtirishning keyingi bosqichlari to‘g‘risida individual xatlar (Process Letter) yuboradilar. Qaror Davlat xususiylashtirish komissiyasi tomonidan tasdiqlangan, Agentlik esa maslahatchilar bilan birgalikda savdo jarayoni to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishni ta’minlaydi.

Manbalar
kun.uz

Hozir bosh sahifada