Xitoyga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida "Uzbekneftgaz" AJ mutaxassislari quduq tubida va yuqori kompressor tugunlarida suyuqliklarni tozalash uchun ko'p fazali mobil qurilmalar sohasidagi yetakchi ROSO Group kompaniyasi ishlab chiqarish obyektiga tashrif buyurdi. Delegatsiya korxonaning texnologik jarayonlari, uskunalari va muhandislik yechimlarini batafsil o'rgandi.
2014-yilda tashkil etilgan ROSO Group Shanxay, Chengdu, Sigun va boshqa shaharlardagi 10 ta sho'ba kompaniya hamda 4 ta zavodni birlashtiradi, unda qariyb 220 nafar xodim ishlaydi. Kompaniya quruqlikdagi va dengizdagi neft hamda gaz qazib olish, shuningdek neft-kimyo va ko'mir qazib olish tarmoqlari uchun uskunalarni loyihalash, ilmiy tadqiqotlar olib borish, ishlab chiqarish va servis xizmatlarini ko'rsatish bilan shug'ullanadi.
Uchrashuvlar davomida tomonlar qurilmalarning texnik tavsiflari, ishlab chiqarish imkoniyatlari va uskunalarning asosiy ko'rsatkichlarini muhokama qildi, tajriba almashdi hamda mazkur texnologiyalarni "Uzbekneftgaz" tizimi korxonalarida qo'llash salohiyatini ko'rib chiqdi. Belgilangan tartibda texnik-tijorat takliflarini taqdim etish bo'yicha kelishuvga erishildi, bu esa O'zbekistondagi konlarda zamonaviy yechimlarni joriy etish yo'lini ochadi.