Oʻzbekistonda bir qator yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan "Yangi avlod tadbirkorlari" keng koʻlamli taʼlim tashabbusi boshlanadi. Potensial hamkorlar orasida — Harvard University, Stanford University va London School of Economics and Political Science bor.
Yoshlar ishlari agentligiga xorijiy universitetlar bilan birgalikda kamida 40 ming nafar yoshni biznesni yuritishning zamonaviy usullariga oʻqitish, ilgʻor xalqaro tajribadan foydalanish topshirildi.
Dasturning ming nafar eng yaxshi bitiruvchisi oʻz loyihalarini amalga oshirish uchun imtiyozli moliyalashtirishga daʼvogarlik qilishi mumkin — uch yil muddatga 7% yillik stavkada 200 million soʻmgacha.
Shuningdek, har yili "Yosh tadbirkorlar" tanlovini oʻtkazish rejalashtirilgan. Uning doirasida "Yoshlar venchur" jamgʻarmasidan 1 milliard soʻmgacha mablagʻ 100 ta eng istiqbolli tashabbusni toʻliq brendga aylantirish maqsadida ularni rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
Tijorat banklari oʻzlarining konsalting tuzilmalarini yaratadi, ular allaqachon shu yilning oʻzida 50 ming nafar yosh tadbirkorga biznes-rejalarni tayyorlashda yordam beradi — bunday xizmatlar uchun xarajatlar qoplanadi. Bundan tashqari, yirik savdo tarmoqlari va mutaxassislar ishtirokida kamida 20 ming kishi tadbirkorlikka oʻqitiladi.
1-martdan boshlab yangi tadbirkorlarga muhandislik infratuzilmasiga ulanish bilan bogʻliq davlat xizmatlari uchun xarajatlar ham qoplanadi — moliyalashtirish Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.