Oʻzbekiston va Hindiston sun'iy intellekt va chiplarga e'tibor qaratmoqda

100 nafar mutaxassis IC Design boʻyicha oʻqitiladi

Nyu-Dehlida boʻlib oʻtgan India AI Impact Summit 2026 sammitida Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi sunʼiy intellekt, yarimoʻtkazgichlar va raqamli infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi.

National Institute of Electronics and Information Technology (NIELIT) bilan uchrashuvda 100 nafar oʻzbekistonlik mutaxassisni IC Design yoʻnalishi boʻyicha bepul onlayn oʻqitish boʻyicha kelishuvga erishildi. Tomonlar hamkorlikni alohida memorandum bilan mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, India Semiconductor Mission va Hindiston Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi. Yarimoʻtkazgich sanoatini rivojlantirish, hisoblash quvvatini oshirish va sunʼiy intellekt uchun infratuzilmani shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Kadrlar tayyorlash, ilmiy-texnikaviy hamkorlik va texnologik transfer boʻyicha loyihalarni ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratildi. Erishilgan kelishuvlar Oʻzbekistonda yuqori texnologiyalar ekotizimini shakllantirishni tezlashtirishi va mamlakatning global ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyasini kuchaytirishi kutilmoqda.