O'zbekiston Yevropaga yangi xalqaro yo'lak orqali "yashil" energiya eksport qilishga tayyorlanmoqda

Loyiha Markaziy Osiyo va Kavkaz energetika tizimlarini birlashtiradi

Boku shahrida «Markaziy Osiyo — Ozarbayjon yashil energetika yo‘lagi» loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash bo‘yicha start seminar bo‘lib o‘tdi. Muhokamada Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston vakillari, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki kabi xalqaro moliya institutlari ishtirok etdi.

Loyiha Markaziy Osiyoning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasini Yevropa bozorlariga yetkazib berish imkonini beradigan energetika infratuzilmasini yaratishni nazarda tutadi. O‘zbekiston tashabbusni elektr energiyasi eksportini kengaytirish va mintaqaviy energetika integratsiyasini mustahkamlash uchun muhim qadam sifatida baholamoqda.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi vakili Feruz Qurbonovning ta’kidlashicha, mamlakat energetika infratuzilmasini rivojlantirishga faol investitsiya kiritmoqda va 2030-yilga borib ishlab chiqarish hajmini oshirishni, qo‘shimcha elektr energiyasini mintaqaviy tarmoqqa yo‘naltirib, keyinchalik Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Seminar yakunida ishtirokchilar loyihaning asosiy texnik parametrlarini va texnik-iqtisodiy tadqiqotni tayyorlashning keyingi bosqichlarini kelishib oldilar.