Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat O‘zbekistonga atom elektr stansiyasini qurishda yordam berishga tayyorligini aytdi. Bu haqda u O‘zbekiston elchisi Rahmatulla Nazarov bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deya xabar beradi BELTA.
Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Belarus Rossiya bilan hamkorlik tufayli atom energobloklarini qurishda tajriba orttirgan va uni o‘zbek tomoni bilan baham ko‘rishga tayyor. U O‘zbekiston vakillarini loyiha tafsilotlarini belaruslik mutaxassislar bilan muhokama qilishga taklif qildi va qurilishni amalga oshirishga ko‘maklashish uchun tegishli ko‘rsatmalar berilishini ta’kidladi.
Prezident belaruslik ekspertlar qo‘ldan kelgancha yordam ko‘rsatishini va o‘zbek tomoni Belarusning qaysi yo‘nalishdagi kompetensiyalari O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish uchun foydali bo‘lishini shaxsan baholashi mumkinligini ta’kidladi.