Toshkent global yuk tarmog'ining bir qismiga aylanmoqda

Uzbekistan Airports va MASkargo yuk reyslari bo'yicha kelishib oldilar

Uzbekistan Airports kompaniyasi va Malaysia Airlines aviakompaniyasining yuk bo‘limi MASkargo O‘zbekiston aeroportlarida yuk reyslariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Birinchi uchrashuvda tomonlar muntazam reyslar va Toshkent xalqaro aeroporti orqali logistika yo‘nalishlarini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Toshkentda texnik to‘xtash bilan birinchi reys 2026-yil 9-mart kuni Kuala-Lumpur — Toshkent — Amsterdam yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirildi. MASkargo 100 dan ortiq shaharga xalqaro va mintaqaviy yuk tashishni ta’minlaydi, kompaniyaning asosiy xabi Kuala-Lumpurda joylashgan.

Hamkorlik O‘zbekiston orqali tranzit tashishlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, Toshkentning mintaqaviy aviatsiya va logistika markazi sifatidagi rolini mustahkamlaydi. Yuk yo‘nalishlarining kengayishi mamlakatning xalqaro savdo va transport kompaniyalari uchun jozibadorligini oshirishi kutilmoqda.