Parijda bo‘lib o‘tgan II Xalqaro yadro energetikasi sammitida O‘zbekiston va Qozog‘iston delegatsiyalarining ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muhokamada O‘zbekiston Atom energetikasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va Qozog‘iston Atom energetikasi agentligi raisi Almasadam Satqaliyev ishtirok etdi.
Tomonlar yadro energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishni rivojlantirish, radiatsiya xavfsizligini ta’minlash, tajriba almashish va kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, har ikki mamlakatda atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni muvofiqlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruhini tuzish rejalashtirilgan.
Atom energetikasining iqlim maqsadlariga erishish va mintaqaning energetika xavfsizligini ta’minlashdagi roliga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni batafsil muhokama qilish uchun Qozog‘iston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi kelishib olindi.