Janubiy Koreyaning Jeju shahrida bo‘lib o‘tgan 13-Xalqaro elektromobillar forumida O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdug‘afforov mamlakat transport sohasidagi islohotlarni taqdim etdi. Asosiy e’tibor raqamlashtirish, jamoat transportini modernizatsiya qilish va ekologik toza yechimlarni joriy etishga qaratildi.
Nutq davomida tashuvchilar uchun raqamli platformalar yaratish, xizmatlarni onlayn rejimga o‘tkazish, monitoring va nazoratni yaxshilash, shuningdek, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, elektromobillarni joriy etish va zararli moddalar chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha milliy strategiyalar taqdim etildi.
27-martgacha davom etadigan forum Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Janubiy Koreya kabi 30 dan ortiq davlat vakillarini to‘pladi. Tadbir elektromobillar va yashil transport sohasida innovatsiyalar almashish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi texnologiyalarni namoyish etish uchun maydon bo‘ldi.