O'zbekistonda 1-apreldan boshlab haydovchilar uchun avtomatik E-ball tizimi ishga tushadi

12 ta E-ball to'planganda haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi

O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab jarima E-ballarini avtomatik hisoblashning yangi tizimi joriy etiladi. Chorrahalardagi kameralar, tezlikni nazorat qiluvchi radar va boshqa tizimlar tomonidan qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari elektron bazada avtomatik ravishda hisobga olinadi.

Har bir qoidabuzarlik uchun haydovchiga ikki ballgacha berilishi mumkin. 12 ta E-ball to‘planganda haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan kamida olti oyga mahrum etiladi, sakkiz ballga yetganda esa tizim SMS orqali ogohlantirish yuboradi. Agar limit oshirilmagan bo‘lsa, ballar bir yildan keyin nolga tenglashtiriladi.

Hisoblangan ballar sonini my.gov.uz portali, MyGov mobil ilovasi, shuningdek, Road24, Safe Road, Click va Payme xizmatlari orqali tekshirish mumkin. Yangilik yo‘llarda xavfsizlikni oshirish va haydovchilarni qoidalarga rioya qilishga undashga qaratilgan.