O'zbekiston Qurilish vazirligi Xitoy texnologiyalarini o'rganmoqda

Uchrashuvda asosiy e'tibor qurilishni raqamlashtirish, BIM texnologiyalarini joriy etish, "yashil" energetikadan foydalanish va ekologik barqarorlikka qaratildi

O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi vazir o‘rinbosari Davronjon Adilov boshchiligida Xitoyga ishchi tashrif bilan keldi.

Safar davomida Qurilish vazirligi vakillari China CHoal Industry Engineering Chongqing Design Research Institute xodimlari bilan uchrashdi. Mazkur institut Xitoyning eng yirik muhandislik-loyihalash tashkilotlaridan biri bo‘lib, 1953-yildan beri faoliyat yuritadi va 1800 dan ortiq mutaxassisga ega.

Uchrashuvda asosiy e’tibor qurilishni raqamlashtirish, BIM texnologiyalarini joriy etish, «yashil» energetikadan foydalanish va ekologik barqarorlikka qaratildi. Xitoylik mutaxassislar misol sifatida Chongqingdagi Jingshuang District Hospital loyihasini taqdim etdilar, unda boshidanoq muhandislik tizimlarini 3D modellashtirish, qurilishning barcha yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish va kelishmovchiliklarni oldindan aniqlashdan foydalanilgan.

Shuningdek, binolarni avtomatlashtirishning «aqlli» tizimlari va tibbiy infratuzilmani raqamli boshqarish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar institut tajribasi O‘zbekistonga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, loyihalash samaradorligini oshirish va qurilish jarayonlarini optimallashtirishga yordam berishini ta’kidladilar.