Nurafshonda shahar hokimi Ilhom Klichxanov va Osiyo taraqqiyot banki vakillari o‘rtasida Digital Innovation Valley keng ko‘lamli loyihasini ishga tushirishga bag‘ishlangan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tashabbus 2027–2030-yillarda amalga oshirishga mo‘ljallangan va mintaqadagi eng yirik raqamli klasterlardan biriga aylanishi mumkin.
Loyiha 35 gektarga yaqin maydonni egallaydi va IT-park, innovatsiya markazi, ilmiy-tadqiqot institutlari, laboratoriyalar, ta’lim binolari, konferensiya zonalari va turar joy infratuzilmasini birlashtiradi. Asosiy element sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha milliy markaz bo‘ladi, unga kiritiladigan umumiy investitsiyalar hajmi $200 millionga baholanmoqda.
Yangi ekotizim 500 dan ortiq ilmiy va innovatsion loyihalarni ishga tushirish, 160 dan ortiq texnologik prototiplarni yaratish va 100 dan ortiq startapni yaratish imkonini berishi kutilmoqda. Shuningdek, $10 million xususiy investitsiyalarni jalb qilish, 40 ta ishlanmani tijoratlashtirish va 10 ta startapni xalqaro bozorlarga olib chiqish rejalashtirilgan. Uchrashuv davomida tomonlar infratuzilma, bosqichma-bosqich amalga oshirish va mintaqada yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar.