16 aprel kuni Vashingtonda Jahon banki va XVFning bahorgi uchrashuvlari doirasida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari va Iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun-Chxol bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirishga asosiy e’tiborni qaratib, so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida tovar aylanmasining barqaror o‘sishini qayd etdilar.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash masalalari alohida muhokama qilindi. Tomonlar davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilish va raqamlashtirish, jumladan, byudjet jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini oshirishi mumkin bo‘lgan Koreyaning dBrain+ va e-Hojo yechimlarini joriy etish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarining keng doirasi – yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirishdan tortib kadrlar tayyorlash va qo‘shma sanoat loyihalarini amalga oshirishgacha bo‘lgan masalalar ham ko‘rib chiqildi. Innovatsion texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv yakunida investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish va mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga o‘zaro tayyorlik tasdiqlandi.