Oʻzbekistonda mobil raqamni boshqa shaxs nomiga masofadan qayta rasmiylashtirish imkoniyati paydo boʻldi. Yangi xizmat Yagona davlat xizmatlari portali my.gov.uz da ishga tushirildi va aloqa operatorlari ofislariga bormasdan, jarayonni toʻliq onlayn tarzda bajarish imkonini beradi.
Avval SIM-karta egasini almashtirish uchun har ikki tomonning shaxsan ishtiroki, navbat kutish va qogʻoz hujjatlarni rasmiylashtirish talab etilardi. Endi barcha bosqichlar elektron formatga oʻtkazildi va davlat portali orqali amalga oshiriladi.
Rasmiylar taʼkidlashicha, servisning ishga tushirilishi maʼmuriy tartib-taomillarni soddalashtirish, raqamli davlat xizmatlarini kengaytirish va talab yuqori boʻlgan servislarni olish vaqtini qisqartirish hisobiga fuqarolarga xizmat koʻrsatishni tezlashtirishga qaratilgan.