IT Park Uzbekistan Schwarz Digits va STACKIT vakillari, shuningdek, texnopark rezidentlari ishtirokida ochiq muhokama tashkil etdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekiston IT-kompaniyalarining Yevropa korporativ bozoriga chiqish istiqbollari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida muvaffaqiyatli ishlash uchun hisobga olinishi kerak bo‘lgan talablar bo‘ldi.
Lidl va Kaufland savdo tarmoqlariga egalik qiluvchi Schwarz Group 30 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va 500 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi. Schwarz Digits va STACKIT bo‘linmalari orqali kompaniya o‘zining raqamli infratuzilma ekotizimini rivojlantiradi va O‘zbekistonni istiqbolli texnologik hamkorlardan biri sifatida ko‘rib chiqadi. Muhokama davomida tomonlar ma’lumotlarni himoya qilish, Yevropa xavfsizlik standartlariga muvofiqlik va yirik korporativ mijozlar bilan o‘zaro aloqaning o‘ziga xos xususiyatlari masalalariga to‘xtalib o‘tdilar.
Ishtirokchilar Yevropaning tartibga solinadigan bozorlarida qo‘llaniladigan STACKIT bulut platformasiga alohida e’tibor qaratdilar. Kompaniya vakillari mijozlarning ma’lumotlarni saqlash va infratuzilmaga bo‘lgan talablari, shuningdek, suveren raqamli yechimlarning ahamiyati haqida gapirib berdilar. O‘zbekistonlik dasturchilar va texnologik kompaniyalar uchun uchrashuv Schwarz Group ekotizimi bilan hamkorlik variantlarini va Yevropa bozorida biznesni kengaytirish istiqbollarini bevosita muhokama qilish imkoniyatini berdi. IT Parkda ta’kidlanishicha, bunday tashabbuslar xalqaro hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistondan IT-xizmatlar eksportini oshirish strategiyasining bir qismidir.