Tashkent Pharma Park farmatsevtika klasteri delegatsiyasi Hindistonning yetakchi sanoat zonalari – SIIDCUL, Telangana Life Sciences va Jawaharlal Nehru Pharma City’ga tashrif buyurdi. Tashrif davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar sanoat klasterlari faoliyati, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi va GMP standartlari bo‘yicha qurilgan ishlab chiqarish maydonchalari bilan tanishdilar.
Ekologik barqarorlik va umumiy tozalash inshootlari CETP’da oqava suvlarni qayta ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya Arogya Formulations va Akums Drugs kompaniyalariga ham tashrif buyurib, dori vositalarini ishlab chiqarish jarayonlari, sifat nazorati tizimlari va zamonaviy texnologik yechimlar bilan tanishdi.
Uchrashuvlar davomida strategik hamkorlik imkoniyatlari, texnologiyalar transferi, innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish va eksport salohiyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Safar yakunlari Hindistonning ilg‘or tajribasini Tashkent Pharma Park’ni modernizatsiya qilish va O‘zbekistonda zamonaviy ishlab chiqarish muhitini yaratish uchun qo‘llash imkonini beradi.
