Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga boshlang‘ich maktab ta’limini modernizatsiya qilishga qaratilgan BILIM dasturini amalga oshirish uchun 105 million dollar ajratishni ma’qulladi. Moliyalashtirish Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining 100 million dollarlik imtiyozli kreditini va Xalqaro ta’limni moliyalashtirish jamg‘armasining (IFFEd) 5 million dollarlik grantini o‘z ichiga oladi. Bu Jahon banki va IFFEdning birinchi qo‘shma loyihasidir.
Dasturning umumiy byudjeti 378 million dollarni tashkil etadi, shundan 273 million dollarini O‘zbekiston hukumati moliyalashtiradi. Loyihani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda amalga oshiradi.
Dastur Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarini qamrab oladi. Aynan shu hududlarda mamlakatdagi barcha maktablarning qariyb 45 foizi joylashgan bo‘lib, ular ta’lim sifati va o‘quv infratuzilmasi yetishmovchiligi bilan bog‘liq eng katta muammolarga duch kelmoqda.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari soni 7,6 million kishidan oshadi. Talabni qondirish uchun mamlakat har yili qariyb 300 ta yangi maktab qurishi kerak. Boshlang‘ich ta’lim bilan qamrab olish darajasi 99 foizdan yuqori bo‘lishiga qaramay, o‘quvchilarning o‘qish va matematika bo‘yicha natijalari xalqaro ko‘rsatkichlardan past bo‘lib qolmoqda.
Jahon bankida dastur o‘qitish sifatini yaxshilashga, maktab o‘quvchilarining asosiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga va ularni zamonaviy mehnat bozori va innovatsion iqtisodiyot talablariga tayyorlashga yordam berishini ta’kidladilar.