Maktabgacha ta'lim uchun raqamli yechimlarni ishlab chiquvchi istiqbolli EdTech-startap ORDO Pre-Seed bosqichidagi investitsiya raundini muvaffaqiyatli yakunladi. Kompaniya CS Angels Club farishta klubidan 100 000 dollar jalb qildi va uning bozor bahosi 2 million dollarga yetdi.
Loyiha MOST C-Space Hub va SQB Ventures ishtirokida BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Investment Readiness Accelerator (IRA) Tashkent 2.0 akseleratsiya dasturining ishtirokchisidir.
ORDOning asosiy mahsuloti maktabgacha ta'lim muassasalarini boshqarishni avtomatlashtirishga mo'ljallangan, integratsiyalashgan AI-yordamchiga ega bulutli ERP SaaS-platforma Ordo.education hisoblanadi.
Tizim bolalar bog'chalariga ma'muriy jarayonlarni raqamli formatga o'tkazish, qog'oz hujjatlar hajmini kamaytirish, ota-onalar bilan aloqani yaxshilash va bolalar rivojlanishini monitoring qilishga yagona yondashuvni joriy etish imkonini beradi.
Kompaniya ma'lumotlariga ko'ra, Markaziy Osiyoda maktabgacha ta'lim sektorini raqamlashtirish muammosi dolzarb bo'lib qolmoqda: jarayonlarning katta qismi hali ham qo'lda amalga oshirilmoqda, bu esa xodimlarga qo'shimcha yuk yaratadi va tizim ishtirokchilari o'rtasidagi o'zaro aloqaning shaffofligini pasaytiradi.
Bugungi kunda ORDO yechimlari mintaqaning to'rtta davlatidagi 150 dan ortiq bolalar bog'chasida joriy etilgan. Kompaniya olingan investitsiyalarni texnologik platformani rivojlantirishga, jamoani kengaytirishga va yangi bozorlarga chiqishni tezlashtirishga yo'naltiradi.
Kelajakda startap 10 000 tagacha maktabgacha ta'lim muassasasini ulashni va Markaziy Osiyoda maktabgacha ta'lim sektori uchun asosiy raqamli infratuzilma yechimi mavqeini egallashni rejalashtirmoqda.