Xitoyning Jinhua shahrida O‘zbekiston ishtirokidagi yangi investitsiya loyihalari bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Bosh konsulligi delegatsiyasi Pujiang tumaniga tashrif buyurib, mahalliy ma’muriyat, biznes va yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tuman meri Liu Qi bilan muzokaralar chog‘ida tomonlar mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Xitoy tomoni O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining yuqori darajasini qayd etib, istiqbolli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston vakillari Liu Qini ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida mamlakatga taklif qildilar. Bunga javoban, Pujiang hukumati mahalliy korxonalar rahbarlari ishtirokidagi biznes-delegatsiya tashrifini tashkil etishga tayyorligini ma’lum qildi.
“O‘zbekiston – Xitoy” biznes-forumi doirasida davlat tuzilmalari, ta’lim tashkilotlari va 60 dan ortiq Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonning investitsion salohiyati, biznes yuritish shart-sharoitlari va amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar bilan tanishdilar.
Uchrashuv ishtirokchilari hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar va Xitoy tadbirkorlarining O‘zbekiston hududlariga yangi biznes-missiyalarini o‘tkazishga kelishib oldilar.
Zhejiang Juyitang Garment Co., Ltd. va Zhejiang Pujiang Bohu Chain Co., Ltd. kompaniyalari bilan alohida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlari va avtomobil shinalari uchun himoya zanjirlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqdilar.