Dealroom.co hisobotining 2026-yil ikkinchi choragi va birinchi yarmidagi dastlabki ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekiston venchur investitsiyalar o'sishi sur'ati bo'yicha dunyoda birinchi o'rinni egalladi.

E'lon qilingan ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatda venchur moliyalashtirish hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 539,7% ga oshgan. Bu reytingga kiritilgan barcha davlatlar orasida eng yuqori ko'rsatkichdir.

Ikkinchi o'rinni Kenya egalladi, u yerda venchur investitsiyalar o'sishi 325,7% ni tashkil etdi, uchinchi o'rinni esa Avstriya 307,7% ko'rsatkich bilan egalladi.

Bunday keskin o'sish O'zbekistonning startap ekotizimining jadal rivojlanishini va xorijiy fondlarning mamlakatdagi texnologik loyihalarga qiziqishining ortib borayotganini ko'rsatadi. Bu jarayonda IT-sektorining rivojlanishi va yosh kompaniyalarni maxsus dasturlar orqali qo'llab-quvvatlash alohida rol o'ynaydi.

Dealroom.co hisobotining 2026-yil birinchi yarmi yakunlari bo'yicha to'liq versiyasi 29-iyul kuni e'lon qilinadi. Unda investitsiya yo'nalishlari, eng yirik bitimlar va turli mamlakatlarning startap bozorlari holati haqida batafsil ma'lumotlar taqdim etilishi kutilmoqda.