Yandex Maps xizmati shahar infratuzilmasini keng ko'lamli suratga olishdan so'ng Toshkent ko'chalari panoramalarini yangiladi. Ish davomida maxsus avtomobil 3400 km dan ortiq yo'llar va ko'chalarni bosib o'tdi, raqamli xarita uchun esa 130 mingga yaqin panoramali tasvirlar tayyorlandi.
Yangi suratlar foydalanuvchilarga marshrutlarni oldindan o'rganish, binolarga kirish joylarini topish, ob'ektlarning joylashuvini baholash va shahar muhitidagi o'zgarishlarni ko'rish imkonini beradi. Yangilangan panoramalarga poytaxtning mashhur joylari, jumladan, "Yangi O'zbekiston" bog'i, Magic City ko'ngilochar bog'i, Tashkent City Mall va Olimpiya shaharchasi kiritilgan. Shuningdek, yirik magistrallar va shahar ko'chalari tasvirlari ham yangilandi.
Yandex Uzbekistan'da ta'kidlanishicha, panoramalar nafaqat virtual sayrlar uchun, balki raqamli xaritani yaxshilash uchun ham ishlatiladi. Kompyuter ko'rish texnologiyalari yordamida tizim yo'l belgilari, chiziqlar, svetoforlar va boshqa infratuzilma elementlarini tahlil qilib, navigatsiya ma'lumotlarining dolzarbligini saqlashga yordam beradi. Foydalanuvchilar yangilangan tasvirlarni Yandex Maps mobil ilovasidagi maxsus panoramalar qatlami orqali ko'rishlari mumkin.