O‘zbekistonning Xorazm viloyatida vodorod texnologiyalaridan foydalangan holda yirik biotyoqilg‘i ishlab chiqarish korxonasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv BAAning Allied Biofuels va Deem Engineering kompaniyalari tomonidan imzolandi.
Loyihaga kiritiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 6,1 milliard dollarga baholanmoqda. Zavod qurilishi 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, to‘liq quvvatga chiqishi 2030-yilning uchinchi choragida kutilmoqda.
Ishga tushirilgandan so‘ng korxona har yili taxminan 110 ming tonna aviatsiya biotyoqilg‘isi, 300 ming tonna elektr barqaror aviatsiya yoqilg‘isi va 5 ming tonna “yashil” dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mahsulotning taxminan 70% Uzbekistan Airports kompaniyasiga yetkazib berilishi rejalashtirilgan, qolgan qismi Emirates National Oil Company’ga eksport qilinadi.
Allied Biofuels rahbari Alfred Benedict loyihani moliyalashtirishning bir qismi BlackRock/Global Infrastructure Partners ishtirokida jalb qilinishini ma’lum qildi.