Bugungi kunda O‘zbekistonning qariyb 1,4 million fuqarosi dunyoning 40 ga yaqin mamlakatida ishlamoqda. Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi geografiyasi sezilarli darajada o‘zgarmoqda: MDH mamlakatlari ulushi kamayib, Yevropa va Sharqiy Osiyo tobora jozibador yo‘nalishlarga aylanmoqda. Rossiyada 834,2 ming, Qozog‘istonda 84,4 ming, Turkiyada 72,1 ming, Janubiy Koreyada 46,4 ming O‘zbekistonlik ishlamoqda. Yana 258 mingga yaqin kishi Yevropada mehnat qilmoqda.
O‘zbekiston Markaziy banki xorijiy ishchilarga bo‘lgan talabning yanada o‘sishini kutmoqda. 2030 yilga kelib, aholining qarishi tufayli Yevropada 7,5–10,5 million xodim yetishmasligi mumkin. Ayniqsa, mashinasozlik, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, qurilish, transport, logistika, tibbiyot, IT, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida mutaxassislar talab qilinadi.
Kadrlar tanqisligi boshqa mintaqalarda ham kuchaymoqda. Yaponiyaga 6–7 milliongacha, Janubiy Koreyaga 1,5 milliongacha, Fors ko‘rfazi mamlakatlariga esa 2,5–3 millionga yaqin ishchi kerak bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston uchun bu mehnat migratsiyasi va yuqori haq to‘lanadigan bozorlarga chiqish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.