“Toshkent metropoliteni” AJda Xitoyning Jilin temir yoʻl kasb-hunar texnika universiteti vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralarning asosiy mavzusi metropoliten uchun malakali mutaxassislar tayyorlash hamda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻldi.
Ishtirokchilar xodimlarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirish, zamonaviy oʻquv dasturlarini joriy etish hamda mutaxassislarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar. Temir yoʻl sohasi uchun kadrlar tayyorlashda tajriba almashish va ilgʻor xalqaro yondashuvlarni oʻrganishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, metropoliten ishida zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash, xodimlarning malakasini muntazam oshirib borish va kadrlar zaxirasini shakllantirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar. Uchrashuv yakunida ishtirokchilar uzoq muddatli hamkorlik va mutaxassislarni birgalikda tayyorlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.