O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi Radioelektron tizimlar va axborot texnologiyalari markazi negizida Kriptologiya, axborot xavfsizligi va innovatsion texnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Ishning asosiy yo‘nalishlari kriptologiya, axborotni himoya qilish va kiberxavfsizlik sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘ladi.
Institut, shuningdek, sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar va raqamli kriminalistika bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi, ilmiy va amaliy ishlanmalar bilan shug‘ullanadi, shuningdek, milliy standartlar va normativ hujjatlarni yaratishda ishtirok etadi. Vakolatli organlar bilan kelishilgan holda, muassasa kriptografik va texnik axborotni himoya qilish vositalarini ishlab chiqishi, ishlab chiqarishi, sotishi va sertifikatlash huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, institut mutaxassislari davlat tashkilotlarining axborot tizimlarini, shu jumladan muhim axborot infratuzilmasi ob’ektlarini ekspertizadan o‘tkazish, ularning himoyalanganligini baholash va attestatsiyadan o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladilar. Muassasa qoshida Ilmiy loyihalar, jihozlash, xodimlarni o‘qitish va rag‘batlantirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar bilan Taraqqiyot fondi tashkil etiladi. Xodimlar uchun Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylardan ipoteka olish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.