DP World kompaniyasi 2026-yil oktyabr oyida Toshkentda multimodal logistika terminali qurilishini boshlashni rejalashtirmoqda. Loyihaga kiritiladigan sarmoya 288 million dollarni tashkil etadi. Majmua poytaxt yaqinida "Yangi avlod" maxsus sanoat zonasining korxonalariga xizmat koʻrsatish uchun yaratiladi. Hududda konteyner temir yoʻl va yuk avtomobil terminallari, bojxona posti va yirik ombor majmuasi joylashadi.

Loyihaning umumiy maydoni 82,3 gektarni, omborxona binolari esa taxminan 226,5 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Temir yoʻl terminali 150 ming TEU gacha, avtomobil terminali esa 55 mingtagacha yuk mashinasiga xizmat koʻrsatishi mumkin. Shuningdek, bojxona idorasi, transportni saqlash maydonchasi va uchinchi tomon operatorlarining qoʻshimcha logistika xizmatlari ham koʻzda tutilgan.

Loyihani Oʻzbekiston va BAA tomonlari tomonidan tashkil etilgan DP World Tashkent Freight Terminal qoʻshma korxonasi amalga oshiradi. DP World ulushi 85%, Tashkent Invest Company ulushi esa 15% ni tashkil etadi. Yangi markaz yuklarning harakatini tezlashtirishi, taʼminot zanjirlari samaradorligini oshirishi va Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda. Qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisidagi kelishuv 2025-yil oktyabr oyida imzolangan boʻlib, DP World rahbari Oʻzbekiston Prezidentiga birinchi tosh qoʻyish marosimiga taklifnomani allaqachon topshirgan.