Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaning EXEM Co., Ltd. IT-kompaniyasiga tashrif buyurdi. Uchrashuv Oʻzbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasiga ishchi tashrifi doirasida Seuldagi Gangseo okrugining Magok innovatsion tumanida boʻlib oʻtdi.
Fargʻona viloyati vakillariga IT-infratuzilmani boshqarish, maʼlumotlar bazalari va raqamli tizimlarni monitoring qilish, sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar va bulutli yechimlar bilan shugʻullanuvchi EXEM texnologiyalari haqida maʼlumot berildi. Kompaniya 2001-yilda tashkil etilgan boʻlib, 2015-yildan beri uning aksiyalari KOSDAQ birjasida sotiladi. EXEM IT-muhitdagi muammolarni tahlil qilish, AI yordamida texnologik jarayonlarni boshqarish va Big Data asosidagi korporativ yechimlar uchun tizimlarni ishlab chiqadi.
Bugungi kunda kompaniya 29 mamlakatda 1 mingdan ortiq yirik mijozlar bilan hamkorlik qiladi va AQSH, Xitoy va Yaponiyada boʻlinmalariga ega. Fargʻona delegatsiyasiga AI va katta maʼlumotlardan foydalangan holda IT-infratuzilmani boshqarish yechimlari, shuningdek, avtomatlashtirish va raqamli tizimlarning barqaror ishlashini taʼminlash texnologiyalari namoyish etildi. Tomonlar EXEM tajribasini Fargʻona viloyatini raqamlashtirishda qoʻllash, bilim almashish va hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.