IT Park Uzbekistan va xalqaro texnologiya kompaniyasi Vention O‘zbekistonda biznesni kengaytirish, IT-xizmatlar eksportini oshirish va yangi xorijiy loyihalarni jalb qilish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv 9-sentabr kuni IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatovning kompaniya ofisiga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Vention’ning joriy faoliyati, xorijiy buyurtmachilar bilan ishlash va xalqaro loyihalar uchun jamoalarni shakllantirishni ko‘rib chiqdilar.

Asosiy masalalardan biri Vention’ning O‘zbekistondagi shtatini oshirish bo‘ldi. Kompaniya FinTech sohasidagi loyihalar va korporativ yechimlarni ishlab chiqish uchun malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabning o‘sib borayotganini qayd etadi. IT Park Uzbekistan xalqaro bozorda tajribaga ega kadrlarni topishda yordam berishga, shuningdek, jamoa va inson kapitalini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. AQSH va Yevropadan kelgan mijozlarning o‘zbek IT-mutaxassislariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash alohida muhokama qilindi.

Xorijiy buyurtmachilar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun tomonlar AQSH, Buyuk Britaniya va Germaniyaga qo‘shma ishbilarmonlik tadbirlari va ish safari uyushtirishni ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, O‘zbekistondan turib yangi xalqaro loyihalarni ishga tushirish masalasi muhokama qilindi va xorijiy mijozlarga xizmat ko‘rsatishda soliq masalalari bo‘yicha maslahatlar berildi. Uchrashuv yakunida tomonlar Vention eksportini oshirish va mamlakatga yangi xorijiy loyihalarni jalb qilishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslar bo‘yicha kelishib oldilar.