Toshkentda 13-sentabr kuni geologiya va tog'-kon sanoatida sun'iy intellekt va Data Science'ni qo'llashga bag'ishlangan GEOMIN AI Labs 2026 xakatonining finali bo'lib o'tdi. Tadbir GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasi doirasida O'zbekiston Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Geofizik-qidiruvchilar jamiyati (SEG) ko'magida o'tkazildi, SLB esa texnologik hamkor sifatida ishtirok etdi. Jami 60 ga yaqin talaba va yosh mutaxassis arizalar topshirdi, saralashdan so'ng 10 nafar ishtirokchi finalga chiqdi.
Xakaton davomida ishtirokchilar mashina o'rganishdan foydalangan holda to'rtta amaliy masalani hal qilishdi. Ular istiqbolli rux obyektlarini qidirish, oltin miqdorini bashorat qilish, geotermal energetikani rivojlantirish uchun yer osti haroratini baholash va foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog'liq ekologik xavflarni kamaytirish bo'yicha yondashuvlarni ishlab chiqishlari kerak edi. Finalda ishtirokchilar o'z modellarini, tadqiqot natijalarini va ularni real loyihalarda qo'llash variantlarini taqdim etdilar.
Birinchi o'rinni Geologiya fanlari universitetidan Ziyoda Minavarova, ikkinchi o'rinni Olmaliqdagi MISiS universiteti filialidan Diyora Karimova egalladi, uchinchi o'rinni esa Olmaliq davlat texnika institutidan Temirali Sadikov qo'lga kiritdi. G'oliblar SLB'da pullik stajirovka o'tash va AI va Data Science'dan foydalangan holda amaliy sanoat vazifalari ustida ishlash imkoniyatiga ega bo'lishdi. Barcha uchta sovrindor GEOMIN 2026 ga chiptalarni, finalistlar esa esdalik sovg'alarini oldilar.