Janubiy Koreyaning Seongnam shahrida Global Digital Innovation Network (GDIN) bilan hamkorlikda IT Park Uzbekistan vakolatxonasi ochildi. Platforma Pangyo Technovalley texnologik klasterida joylashgan bo'lib, ikki davlat kompaniyalari va startaplari o'rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bilan shug'ullanadi. Vazifalardan biri texnologik biznesning O'zbekiston va Janubiy Koreya bozorlariga chiqishiga ko'maklashish bo'ladi.

Vakolatxona IT Park Uzbekistanning Koreya texnologik kompaniyalari, investorlari va innovatsion ekotizim ishtirokchilari bilan o'zaro hamkorlik nuqtasi bo'ladi. Daniyar Atajanov IT Park Uzbekistanning Janubiy Koreyadagi rasmiy vakili etib tayinlandi. Ochilish marosimida tomonlar startaplarni qo'llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.

IT Park Uzbekistan va GDIN o'zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Hujjat qo'shma korxonalar tashkil etish, kompaniyalarning xorijiy bozorlarga chiqish dasturlari, startaplar almashinuvi va pilot loyihalarni ishga tushirishni nazarda tutadi. Sun'iy intellekt hamda tadqiqot va ishlanmalar yo'nalishlari alohida ajratib ko'rsatilgan. Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan GDIN hamkorlik tarmog'iga qo'shiladi.