IT Park Ventures, Janubiy Koreyaning SparkLabs Group Management va Mirae Asset Venture Investment kompaniyalari SparkLabs Mirae Silk Road Fund I LP xalqaro fondini tashkil etish bo‘yicha dastlabki shartlarni imzoladilar. Hujjatlar 15-sentabr kuni Seulda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida rasmiylashtirildi. Fondning dastlabki kapitali 2 million dollarni tashkil etadi, kelajakda uni 10 million dollargacha oshirish rejalashtirilgan.

Investitsiya strategiyasi Markaziy Osiyo va O‘zbekistondagi Series A va undan yuqori bosqichdagi yetuk texnologik startaplarga qaratilgan bo‘ladi. IT Park Ventures fondning asosiy cheklangan hamkori bo‘lish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Tomonlarning investitsiyalari va ishtiroki zarur yuridik va tartibga solish tartib-qoidalari hamda korporativ kelishuvlardan so‘ng bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Loyiha ishtirokchilari istiqbolli kompaniyalarni birgalikda izlash, ularga xalqaro bozorlarga chiqishga yordam berish va transchegaraviy investitsiyalarni jalb qilish niyatida. Bundan tashqari, SparkLabs Toshkentdagi IT Park hududida ofis ochishni rejalashtirmoqda, bu ofis loyihalarni izlash va fondning Markaziy Osiyodagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.