O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanida mikro va kichik GESlar uchun uskunalar ishlab chiqarish maqsadida tashkil etiladigan «Andijon Jinlung yangi energiya» korxonasi loyihasi bilan tanishdi. Qiymati 20 million dollar bo‘lgan loyiha to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladi, loyiha quvvatiga chiqish 2027-yilga mo‘ljallangan.
Ishga tushirilgandan so‘ng korxona har yili umumiy qiymati 70 milliard so‘m bo‘lgan 100 tagacha kichik GES kompleksini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Gidroenergetika uskunalari bilan bir qatorda, bu yerda dastgohlar va elektrotexnika mahsulotlari ham ishlab chiqariladi. Loyiha 200 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutadi, mahsulotning bir qismini Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilish rejalashtirilgan. Eksport hajmini yiliga 3 million dollarga yetkazish niyatida.

Shu bilan birga, kompaniya Andijon viloyatining o‘zida mikro GESlar qurishni rejalashtirmoqda. Kichik gidroenergetikani rivojlantirish uchun bu yerda sezilarli suv resurslari, jumladan, Katta Farg‘ona kanali orqali barqaror suv oqimi mavjud. Hokimiyat bunday ob’ektlar yordamida aholi va korxonalarni arzon va ekologik toza elektr energiyasi bilan ta’minlashni kutmoqda. Mikro GESlarning afzalliklari qatorida nisbatan tez qurilishi va barqaror ishlab chiqarishi ham qayd etiladi.











