O'zbekiston va Xitoy 26-sentabr kuni Nukusda bo'lib o'tgan hududlararo savdo-iqtisodiy forum yakunlari bo'yicha umumiy qiymati 400 million dollardan ortiq kelishuvlarni imzoladi. Tadbirda ikki davlatning davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralari vakillaridan 400 ga yaqin kishi ishtirok etdi.
Xitoy delegatsiyasini, xususan, Shensi provinsiyasi, SilkRoad Industrial Cooperation Center, Shaanxi Yulin Energy Group va China Civil Engineering Construction Corporation vakillari taqdim etdi. Ishtirokchilarga Qoraqalpog'istonning investitsion salohiyati, mintaqaning resurs bazasi, amaldagi imtiyozlar va biznesni qo'llab-quvvatlash choralari haqida so'zlab berildi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida tomonlar tog'-kon sanoati, geologiya, axborot texnologiyalari va qishloq xo'jaligida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Xitoylik hamkorlarga mintaqaning istiqbolli investitsiya loyihalari ham taqdim etildi.
Muzokaralar yakunlari bo'yicha tomonlar qiymati 400 million dollardan ortiq bo'lgan kelishuvlar paketini rasmiylashtirdilar. Hujjatlar O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning sanab o'tilgan yo'nalishlari va boshqa ustuvor sohalarida loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.











