O'zbekistonning suv xo'jaligi sohasi mutaxassislari delegatsiyasi 6-10 sentyabr kunlari Isroilga tashrif buyurdi. Professional almashinuv doirasida ishtirokchilar suvlardan oqilona foydalanish, resurslarni monitoring qilish, zamonaviy sug'orish va tozalangan oqova suvlarni qayta ishlatish usullarini o'rgandilar. Safar Isroilning O'zbekistondagi elchixonasi ko'magida tashkil etildi.
O'zbekistonlik mutaxassislar Isroil gidrologiya xizmati, Mekorot kompaniyasi va Quddusning Gihon suv xo'jaligi korporatsiyasiga tashrif buyurdilar. Ularga suv sifatini nazorat qilish, yer osti resurslarini boshqarish, iste'molni hisobga olish, infratuzilmadagi yo'qotishlarni kamaytirish va barqaror shahar suv ta'minotini ta'minlash tizimlari taqdim etildi. Oqova suvlarni tozalash va tozalangan suvlarni qishloq xo'jaligida ishlatishga alohida e'tibor qaratildi.

Qishloq xo'jaligi sohasidagi amaliy yechimlarni delegatsiya Magal kibbutsida o'rgandi. Mutaxassislar cheklangan suv resurslari sharoitlariga moslashtirilgan sug'orish texnologiyalari bilan tanishdilar. Kinneret akademik kollejida ishtirokchilarga suvlarni tozalash va chuchuklashtirish, gidrologiya, sifat nazorati va ekologik barqarorlik sohasidagi ishlanmalar, shuningdek, laboratoriya tadqiqotlari, modellashtirish va dala ishlaridan foydalangan holda mutaxassislarni tayyorlash tizimi ko'rsatildi.
Tashrif yakunlari bo'yicha tomonlar tajriba almashinuvini davom ettirish istiqbolli ekanligini ta'kidladilar. O'zbekiston uchun raqamli monitoring va suv hisobi, yo'qotishlarni kamaytirish, zamonaviy sug'orish tizimlari, yer osti suvlarini boshqarish va tozalangan oqova suvlarni qayta ishlatish amaliy qiziqish uyg'otadi. Ishtirokchilar, shuningdek, infratuzilma loyihalari, ilmiy ishlanmalar, texnologiyalar va tegishli mutaxassislarni tayyorlashni birlashtirish muhimligini ta'kidladilar.











