Yuta universiteti delegatsiyasi Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurib, mahalliy IT-industriya va raqamli hukumatning rivojlanishi bilan tanishdi. Universitet vakillariga IT Park faoliyati taqdim etildi va texnologik kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash choralari, startap ekotizimini rivojlantirish hamda IT-xizmatlar eksportining oʻsishi haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, delegatsiya UZINFOCOMga tashrif buyurib, u yerda raqamli hukumat loyihalari, davlat axborot tizimlari va platformalari bilan tanishdi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning Yuta universiteti vakillari bilan uchrashuvida IT va sunʼiy intellekt sohasida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining texnologik kompaniyalar bilan oʻzaro hamkorligi muhokama qilindi. Tomonlar universitetlar bazasida startaplar yaratish, oʻqituvchilar va talabalar loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, mentorlik va gʻoya bosqichidan MVPgacha investitsiyalar jalb qilish masalalarini koʻrib chiqdilar. Kompyuter fanlari va AI sohasidagi universitetning taʼlim va tadqiqot salohiyatidan foydalangan holda oʻyin industriyasini rivojlantirish alohida yoʻnalish boʻlishi mumkin.

Bundan tashqari, ishtirokchilar sunʼiy intellekt boʻyicha qoʻshma tadqiqotlarni, shu jumladan AIning mehnat bozoriga taʼsirini va masʼuliyatli hamda xavfsiz texnologiyalarni ishlab chiqishni muhokama qildilar. Boshqa yoʻnalishlar qatorida kiberxavfsizlik boʻyicha mutaxassislar tayyorlash, oʻqituvchilarning malakasini oshirish, BPO va KPO-xizmatlarini rivojlantirish, masofaviy ish oʻrinlarini yaratish va qoʻshma taʼlim dasturlari nomlandi. Yuta universiteti vakillari masʼuliyatli AI sohasida ilmiy hamkorlikka ham qiziqish bildirdilar.











