O'zbekiston vakillari Janubiy Koreyada maxsus iqtisodiy zonalarni yaratish, rivojlantirish va boshqarishning amaliy mexanizmlarini o'rgandilar. O'quv tashrifi 20-23 sentabr kunlari Osiyo taraqqiyot banki tashabbusi bilan Koreya Respublikasining “Elektron Osiyo va bilimlar bo'yicha hamkorlik” (EAKPF) jamg'armasi ko'magida bo'lib o'tdi. Delegatsiya tarkibiga Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Prezident Administratsiyasi vakillari kirdi.
Dastur doirasida o'zbekistonlik mutaxassislar xalqaro seminarda, Incheon erkin iqtisodiy zonasida va boshqa maxsus iqtisodiy zonalarda bo'ldilar. Ishtirokchilar bunday hududlarning ishini tashkil etish, mavjud boshqaruv modellari va ularni modernizatsiya qilish vositalarini o'rgandilar. Maxsus zonalarning ayrim mintaqalarning iqtisodiy rivojlanishini rag'batlantirishdagi roli alohida ko'rib chiqildi.
Iqtisodiy zonalarni boshqarish masalalaridan tashqari, O'zbekiston vakillari Koreya davlat organlari va akademik hamjamiyat ekspertlari bilan uchrashuvlar o'tkazdilar. Tomonlar davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish va mamlakatning institutsional imkoniyatlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Tashrif davomida olingan amaliy bilimlar O'zbekistonning maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirishga bo'lgan yondashuvlarini yanada takomillashtirishda hisobga olinishi rejalashtirilgan.