O'zbekiston va Janubiy Koreya sun'iy intellekt, robototexnika, raqamli ta'lim va elektron hukumat sohalarida hamkorlikni kengaytirish niyatida. Bu yo'nalishlar 14-oktabr kuni O'zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Koreya Respublikasi elchisi Von Do Yon tomonidan muhokama qilindi. Uchrashuv ishtirokchilari ikki davlat rahbarlari ishtirokidagi sentabr oyida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi" sammitida taklif qilingan tashabbuslarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratdilar.
Tomonlar Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlarini ilmiy tadqiqotlar va AI texnologiyalarini ishlab chiqishga jalb qilish imkoniyatlarini ko'rib chiqmoqda. Xususan, Seul Milliy universiteti bilan hamkorlik bo'yicha dastlabki muzokaralar boshlandi. Yana bir yo'nalish robototexnika sohasidagi qo'shma loyihalar va sun'iy intellektga asoslangan yechimlarni sanoat ishlab chiqarishiga joriy etish bo'ladi.

O'zbekiston va Janubiy Koreya aholining raqamli ko'nikmalarini rivojlantirishni ham maqsad qilgan, bunda yoshlarga alohida e'tibor qaratiladi. Muhokama qilingan tashabbuslar orasida "Besh million sun'iy intellekt yetakchisi" milliy loyihasi doirasida Janubiy Koreya onlayn kurslaridan foydalanish ham bor. Uchrashuv yakunida tomonlar tegishli tashkilotlar bilan muzokaralarni davom ettirish va raqamli texnologiyalar, fan va ta'lim sohasida aniq loyihalarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.











