O'zbekiston aholi punktlarining mobil aloqa tarmoqlari bilan qamrovi 99,5%ga, xalqaro avtomobil yo'llarining mobil Internet bilan qamrovi esa 95,5%ga yetdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov «Raqamli O'zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish bo'yicha parlament so'roviga javob berar ekan, ma'lum qildi. 2026-yil boshidan buyon mamlakatda 11 mingdan ortiq baza stansiyalari o'rnatilib, ularning umumiy soni 110,5 mingga yetkazildi. Magistral tarmoqlarning viloyatlar bo'yicha o'tkazish qobiliyati 2020-yildagi 400 Gbit/s dan 600 Gbit/s ga, tumanlar bo'yicha esa 40 Gbit/s dan 60 Gbit/s ga oshdi.
10 657 ta xalq ta'limi obyekti, 6988 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 5786 ta sog'liqni saqlash muassasasi, 8935 ta mahalla fuqarolar yig'ini va 5250 ta ichki ishlar organlari tayanch punktlari yuqori tezlikdagi Internet bilan ta'minlandi. Optik tolali aloqa liniyalarining uzunligi 2020-yildagi 119,5 ming km dan 397 ming km ga oshdi. Bunday infratuzilma aholi punktlarining 98,1%ini qamrab olgan bo'lib, yil oxiriga qadar bu ko'rsatkichni 98,2%ga yetkazish rejalashtirilgan.
O'zbekiston mobil Internet tezligi reytingida 133-o'rindan 72-o'ringa, statsionar ulanish tezligi bo'yicha esa 112-o'rindan 73-o'ringa ko'tarilib, ikkinchi toifada Markaziy Osiyoda birinchi o'rinni egalladi. Xalqaro Internet kanallarining o'tkazish qobiliyati 2020-yildagi 1200 Gbit/s dan 4400 Gbit/s ga oshdi. 2026-yil oxiriga qadar uni 4500 Gbit/s ga, 2030-yilga qadar esa 5000 Gbit/s ga oshirish niyatida. Deputatlar raqamlashtirish natijalarini xolisona baholash va maqsadli ko'rsatkichlarga erishish yo'lidagi to'siqlarni o'z vaqtida bartaraf etishni taklif qildilar.