Markaziy Osiyo startaplari Xitoy bozorini oldindan oʻrganishlari kerak, bu bozor uskunalar ishlab chiqish, investitsiyalar jalb qilish va xalqaro miqyosda kengayish uchun imkoniyatlar ochadi. Bu haqda ICT Week Uzbekistan 2026 doirasidagi podkastda Khan Tengri Innovation Hub asoschisi va bosh direktori Lazzat Borankulova maʼlum qildi. Shanxayda Qozogʻiston va Oʻzbekiston koʻmagida tashkil etilgan ushbu hab mintaqaviy kompaniyalarga Xitoyga chiqishga yordam beradi va Pekin, Shenzhen, Xanchjou va Gonkongda ham faoliyat yuritadi.
Borankulovaning soʻzlariga koʻra, Xitoy uzoq vaqtdan beri faqat ishlab chiqarish maydoni boʻlishdan toʻxtagan: soʻnggi oʻn yillikda mamlakat IT va innovatsiyalar sohasida sezilarli darajada oldinga siljigan. Davlat texnoparklari xorijiy startaplarga roʻyxatdan oʻtish, moliyalashtirish va hisoblash resurslariga kirishda yordam beradi. Shahar tanlovi loyihaning ixtisoslashuviga bogʻliq: Shanxay robototexnika va AIga yoʻnaltirilgan, Shenzhen – uskunalar, telekommunikatsiyalar va dronlarga, Gonkong esa kapital jalb qilish va xolding tuzilmalarini yaratish uchun mos keladi.
Ekspert ishning uchta modelini ajratib koʻrsatdi: Markaziy Osiyo dasturchilarining dasturiy taʼminotini Xitoy uskunalari bilan birlashtirish, Xitoyda oʻz qurilmalarini ishlab chiqarish va hamkorlar hamda ularning savdo kanallari orqali mahalliy bozorga chiqish. Mahsulotlarni mahalliy raqamli ekotizimga moslashtirish kerak, chunki u yerda baʼzi odatiy xorijiy xizmatlar mavjud emas. U eng istiqbolli yoʻnalishlar sifatida tibbiy texnologiyalar, yangi materiallar va energetika, robototexnika, sanoat AI, agrotexnologiyalar va blokcheynni nomladi. Elektron tijorat va fintexda raqobat yuqori, ammo imkoniyatlar tor doiradagi yechimlar va mahalliy kompaniyalar brendlari ostidagi mahsulotlarda saqlanib qoladi.