"Uzatom" agentligi delegatsiyasi 27-oktabr kuni Minsk shahrida bo'lib o'tgan XXX Belarus energetika va ekologiya forumi EnergyExpo-2026 da ishtirok etdi. O'zbekiston vakillari yalpi sessiyada va yuqori darajadagi xalqaro munozara davrasida so'zga chiqib, energetik mustaqillik, sohaning global o'zgarishlarga bardoshliligi hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
"Uzatom" direktori Azim Axmedxadjayev atom energetikasining mamlakat uchun ahamiyati va Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish jarayoni haqida so'zlab berdi. Unda bir maydonning o'zida katta va kichik quvvatli energobloklarni joylashtirish ko'zda tutilgan. Bunday yondashuv yagona loyiha doirasida turli ko'lamdagi energetik qurilmalarni uyg'unlashtirishni taqozo etadi.
Belarusning atom energetikasini rivojlantirish tajribasi forumning alohida mavzusiga aylandi. Ishtirokchilar mutaxassislar tayyorlash, ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar va sanoat kooperatsiyasi yo'nalishlarida o'zaro hamkorlik istiqbollarini ko'rib chiqdilar. Strategik muloqotda energetika idoralari rahbarlari va mintaqaviy integratsiya birlashmalari vakillari ham ishtirok etdi. Muhokama energetik mustaqillikni mustahkamlash va mamlakatlar o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha birgalikdagi yechimlarni izlashga bag'ishlandi.