Jahon banki Oʻzbekistonga taqsimlovchi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun 100 mln dollarlik kreditni maʼqulladi. Loyiha butun mamlakat boʻylab 60 ta asosiy nimstansiyani yangilash, elektr energiyasi yoʻqotishlarini kamaytirish va taʼminot ishonchliligini oshirishni nazarda tutadi. Dasturning umumiy byudjeti 371 mln dollarni tashkil etadi: Jahon banki mablagʻlaridan tashqari, unga Osiyo taraqqiyot bankining 200 mln dollarlik krediti va Oʻzbekiston davlat byudjetidan 71 mln dollar kiritiladi.
2031-yilga kelib modernizatsiya elektr energiyasi yoʻqotishlarini har yili 20 000 MVt·soatga va issiqxona gazlari tashlamalarini qariyb 23 000 tonna CO₂ ekvivalentiga qisqartirishni taʼminlashi kerak. Yangilangan infratuzilma, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiyaning kamida 3,3 GVt quvvatini ulash imkonini beradi. Jahon banki baholashiga koʻra, modernizatsiya qilingan obyektlar foydalanishga topshirilgandan keyingi besh yil davomida dastur 11 700 ga yaqin qoʻshimcha sifatli ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
Loyihani "Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ amalga oshiradi. Uskunalarni almashtirish va yangilashdan tashqari, infratuzilmani raqamlashtirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish va kompaniyaning moliyaviy boshqaruvini takomillashtirish koʻzda tutilgan. Dastur mamlakatning 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiyaning oʻrnatilgan quvvatini 25 GVtga yetkazish rejalarini qoʻllab-quvvatlaydi. Jahon banki va OTB maʼmuriy xarajatlarni qisqartirish hamda tartib-taomillarning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan oʻzaro ishonch mexanizmi doirasida loyihani tayyorlash va nazorat qilishni muvofiqlashtiradi.