IT Park Uzbekistan 27-oktabr kuni “O‘zbekiston — Avstriya” biznes-forumida milliy IT-industriyani rivojlantirish modelini taqdim etdi. Davlat tuzilmalari, investitsiya tashkilotlari va xalqaro biznes vakillariga IT Park rezidenti maqomini olish shartlari, soliq imtiyozlari hamda mamlakatda texnologik biznes yuritish imkoniyatlari haqida so‘zlab berildi.
Tadbirda O‘zbekistonning tegishli idoralari, Global Neighbours tashkiloti hamda BrainsToVentures, ecotel communication, Tele Columbus va GOODRAM/Wilk Elektronik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Dastur taqdimotlar hamda B2B va G2B formatidagi muzokaralarni o‘z ichiga oldi. Texnologik hamkorlikni kengaytirish, xorijiy investorlarni jalb qilish va raqamli yechimlar eksportini rivojlantirish asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.
IT Park’ning eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Kagirov O‘zbekistonning texnologik va biznes xizmatlar xalqaro bozoridagi imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi. U kadrlar salohiyati, infratuzilma va xorijiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini alohida ta’kidladi. Hamkorlik nafaqat O‘zbekistonda Avstriya loyihalarini yo‘lga qo‘yishni, balki mahalliy IT-yetkazib beruvchilarning Yevropa buyurtmachilariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishni ham nazarda tutadi.