"O‘zbektelekom" AKning 2026-yil yanvar–sentabr oylari yakunlariga ko‘ra sof foydasi 1,4 trln so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘rsatkich 329,7% ga, ya’ni 4,3 barobarga oshdi. Uchinchi chorakda kompaniya 484 mlrd so‘m sof foyda ishlab topdi — bu 2025-yilning iyul–sentabr oylaridagiga nisbatan 55,5% ga ko‘p. Ma’lumotlar openinfo.uz korporativ axborotni oshkor qilish portalida e’lon qilingan.
Boshqa moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham ijobiy dinamika kuzatildi. Operatorning yalpi foydasi 2,7 dan 3,5 trln so‘mgacha o‘sdi, asosiy faoliyatdan olingan foyda esa 48,4% ga — 1,2 dan 1,8 trln so‘mgacha oshdi. To‘qqiz oylik sof tushum o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,7% ga oshib, 8,7 trln so‘mga yetdi. Shu tariqa, foydaning o‘sish sur’ati kompaniya daromadlarining o‘sishidan sezilarli darajada ilgarilab ketdi.

Hisobot davrida "O‘zbektelekom" aktivlari 34,2% ga oshib, 17,9 trln so‘mga yetdi. Kapital 51,3% ga o‘sib, 4,3 trln so‘mni, taqsimlanmagan foyda esa 329,7% ga oshib, 1,4 trln so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, kompaniya uzoq muddatli bank kreditlarini 7,2 dan 8,5 trln so‘mgacha ko‘paytirdi.