Google kompaniyasining rivojlanayotgan bozorlarda davlat organlari bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Doron Avni O‘zbekistonda Google Pay ishga tushirilishini shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar bilan bog‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar barcha ma’lumotlarni faqat mamlakat ichida majburiy saqlash talabidan voz kechib, avvalgi talablarni qayta ko‘rib chiqqan. Buning o‘rniga ma’lumotlar toifalarini hisobga oladigan va ularni himoya qilishga muvozanatli yondashuvni nazarda tutuvchi yanada moslashuvchan tizim joriy etildi.

Avnining fikricha, xalqaro standartlarga moslashtirilgan tushunarli qoidalar global texnologiya kompaniyalariga o‘z mahsulotlarini tezroq ishga tushirish imkonini beradi. Uning baholashicha, Google Pay’ning paydo bo‘lishi millionlab O‘zbekiston aholisiga raqamli to‘lovlardan foydalanish imkoniyatini ochadi va tartibga solishdagi o‘zgarishlar kundalik hayotga qanday ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rsatadi. Servis ishga tushirilishi AQSh davlat kotibi Marko Rubio Samarqanddagi C5+1 formati davlatlari TIV rahbarlari uchrashuviga O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida e’lon qilindi.
Google vakili, shuningdek, ikki mamlakat hamkorligining boshqa istiqbolli yo‘nalishlarini: kiberxavfsizlik, bulutli servislar va raqamli ta’limni ham qayd etdi. U O‘zbekiston hukumatiga, AQSh elchisi Jonatan Henikka va loyihada ishtirok etgan Google xodimlariga minnatdorlik bildirdi. Avnining fikricha, mazkur holat qonunchilikdagi amaliy o‘zgarishlar xalqaro texnologiyalarni joriy etishni tezlashtirish va foydalanuvchilarning raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qodir ekanini ko‘rsatadi.