O‘zbekiston sovrin jamg‘armasi $5 mln bo‘lgan xalqaro startaplar tanlovini yo‘lga qo‘yadi

25 ta jamoaning har biri $200 minggacha investitsiya olishi mumkin bo‘ladi.

2027-yil aprelidan boshlab O‘zbekistonda har yili Land of Startups xalqaro tanlovi o‘tkazila boshlaydi. Uning umumiy sovrin jamg‘armasi $5 mlnni tashkil etadi. Loyiha mamlakatga xorijiy startaplar va ularning asoschilarini jalb qilish, yangi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish hamda respublikaning startap rivojlanishi bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan. Vazirlar Mahkamasining tegishli 593-sonli qarori 2026-yil 28-oktabrda qabul qilingan.

Tanlov 5 ta yo‘nalishni qamrab oladi: sun’iy intellekt, ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xizmatlari uchun raqamli yechimlar, moliyaviy texnologiyalar, kreativ industriyalar va o‘yinlar ishlab chiqish, shuningdek, biznes va sanoat uchun texnologiyalar. Jami 25 ta jamoa tanlab olinadi, ularning har biri IT Park direksiyasi huzuridagi venchur fondidan $200 minggacha mablag‘ olishi mumkin bo‘ladi. Mablag‘ ajratish loyihalarni kompleks tekshirishdan (due diligence) so‘ng amalga oshiriladi.

Rasm manbasi: uzdaily // IT Park O‘zbekiston

Qaror, shuningdek, IT Park ish qoidalarini ham o‘zgartiradi. Rezidentlardan o‘zlari ishlab chiqqan avtomatlashtirish uchun hisobga olish va o‘lchash tizimlarini soliq organlarining axborot platformalari bilan integratsiya qilish talabi olib tashlanadi. IT Park direksiyasi soliq va statistika hisobotlarini, shuningdek, o‘tkazilgan IT-kurslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishdan ozod etiladi. Bundan tashqari, rezidentlar faoliyatining ruxsat etilgan yo‘nalishlari ro‘yxati kengaytirilmoqda: unga IoT va sun’iy intellekt qurilmalari, mikro- va nanoelektronika, intellektual robotlar ishlab chiqarish va sotish, shuningdek, biznes-farishtalar klublari faoliyati qo‘shildi.