O‘zbekiston iqtisodiyoti 2027-yilda 7,5% ga o‘sishi mumkin — MB shartlarni ma’lum qildi

Regulyator inflyatsiyani 5% gacha pasaytirishni rejalashtirmoqda, biroq hozircha pul-kredit siyosatini yumshatmoqchi emas.

O‘zbekiston Markaziy banki 2027-yilda iqtisodiy o‘sish 7–7,5% gacha tezlashishini kutmoqda. 2028–2029-yillarda YIM har yili 6,5–7,5% ga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Regulyatorning asosiy ssenariysiga ko‘ra, inflyatsiya 2027-yilning ikkinchi yarmida maqsadli 5% gacha sekinlashishi va keyinchalik ushbu daraja atrofida qolishi kerak. 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli loyiha 4-noyabr kuni MB boshqaruvi tomonidan tasdiqlandi.

Bunday rivojlanish shartlaridan biri umumiy byudjet taqchilligining YIMning taxminan 3% darajasida saqlanishi, kreditlash va ichki talabning mutanosib o‘sishi, shuningdek, tartibga solinadigan tariflar islohotining yakunlanishi bo‘ladi. Geosiyosiy keskinlikning pasayishi va neft narxlarining arzonlashishi qo‘shimcha omillar bo‘lishi lozim. Regulyator 2027-yilda bazaviy inflyatsiyani tashqi narx bosimining susayishi hamda tovar va xizmatlar ichki taklifining oshishiga tayanib, 4–5% darajasida baholamoqda.

Rasm manbasi: uzdaily

Shu bilan birga, MB 2026–2027-yillarda qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab qolish niyatida. Prognozlarga ko‘ra, UZONIA real stavkasi qariyb 6–7% ni tashkil etadi. Sharoitlarni yumshatish faqat inflyatsiyaning barqaror sekinlashuvidan keyin mumkin bo‘ladi. Xatarlar qatorida regulyator asosiy savdo hamkorlarining valyutalari qadrsizlanishi, neft va oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishi, shuningdek, kreditlashning haddan tashqari tezlashishini qayd etdi. Ushbu omillar bazaviy ssenariyda ko‘zda tutilganidan ko‘ra yuqoriroq inflyatsiyaga olib kelishi mumkin.