O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining yosh arxitektorlar delegatsiyasi Xitoyda stajirovka o‘tab, zamonaviy qurilish materiallari va texnologiyalarini o‘rganmoqda. Tashrif buyurilgan dastlabki obyektlardan biri Sichuan Wangang Metal Product zavodi bo‘ldi. Xitoylik mutaxassislar o‘zbekistonlik hamkasblariga yig‘ma metall qolip tizimlarini namoyish etib, ularning konstruksiyasi hamda binolarni barpo etishda qo‘llash imkoniyatlari haqida so‘zlab berishdi.
Bunday tizimlar qurilish ishlarini tezlashtirish, xarajatlarni kamaytirish va konstruksiyalar sifatini, jumladan, seysmik xavfsizlik talablarini inobatga olgan holda oshirish imkonini beradi. Kichik elementlardan yig‘ish tufayli murakkab arxitektura shakllarini yaratish va baland binolarni qad rostlash mumkin. Qoliplardan ko‘p marta foydalanish qo‘shimcha tejamkorlikni ta’minlaydi. Delegatsiyaga, shuningdek, ishlarning to‘liq sikli: konstruksiyani montaj qilish, beton quyish, qotgandan so‘ng demontaj qilish va elektr payvandlash jarayonlari ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Sichuan arxitektura texnologiyalari universiteti bazasida o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yildi. U shaharsozlikni raqamlashtirish, energiya samaradorligi, energiya tejamkorligi, yashil hududlarni saqlash hamda shaharlarning ekologik barqarorligi bo‘yicha nazariy mashg‘ulotlar va amaliyotni o‘z ichiga oladi. Olingan bilimlarni O‘zbekiston uy-joy qurilishi va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishda qo‘llash rejalashtirilgan.