Wildberries O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirmoqda: WB Taxi yana bir yirik shaharga kirib keldi

Xizmat Farg‘onada uchta tarif, bonus dasturi va safarlar uchun bank kartasi orqali to‘lash imkoniyati bilan ishga tushdi.

RVB (Wildberries & Russ) guruhiga kiruvchi WB Taxi taksi buyurtma qilish xizmati Farg‘onada ish boshladi. Endi shahar aholisi va mehmonlari Android hamda iOS uchun mo‘ljallangan mobil ilova orqali avtomobil buyurtma qilishlari mumkin. Yo‘lovchilar uchun uchta tarif mavjud: "Standart", "Komfort" va "Multi". Oxirgisi avtomobil kelishini kutish vaqtini qisqartirish uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta toifada mashina qidirish imkonini beradi.

Foydalanuvchilar, shuningdek, imtiyozlar dasturida ishtirok etishlari mumkin: safarlar uchun bevosita ilova orqali bank kartasi bilan to‘lov qilinganda, ularga keyingi safarlarga sarflash mumkin bo‘lgan bonus ballari beriladi. Kompaniya haydovchilarga hamkorlikning shaffof shartlari, agregatorning pasaytirilgan komissiyasi, muntazam to‘lovlar va platforma talablari bajarilganda qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlarini va’da qilmoqda.

Rasm manbasi: uzdaily // WB Taxi

Farg‘onada ishga tushirilishidan oldin WB Taxi Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijonda allaqachon ishlab kelayotgan edi. O‘zbekistondan tashqarida xizmat Belarus, Qirg‘iziston va Armanistonda mavjud. Xizmat ko‘rsatilayotgan shaharlar qatoriga Minsk, Brest, Grodno, Bishkek, O‘sh, Manas va Yerevan kiradi.