Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK)ning 3-sonli mis boyitish fabrikasi (MOF-3) 16-martda ishga tushirilganidan buyon 2026-yil 4-noyabrga qadar 10 mln tonna rudani qayta ishladi. Ushbu davr mobaynida mis eritish zavodiga 160 000 tonnadan ortiq mis konsentrati ham jo'natildi. Ishlab chiqarish marrasiga erishilgani haqida kombinat rahbariyatiga fabrika vakillari axborot berdi.
Korxona "Yoshlik I" konini o'zlashtirish loyihasiga kiradi. Uning loyiha quvvati har yili 60 mln tonnagacha rudani qayta ishlash va 900 000 tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarishni ko'zda tutadi. Ishlab chiqarish hajmlari bosqichma-bosqich ortib bormoqda: agar mart oyida 661 500 tonna xomashyo qayta ishlangan bo'lsa, oktabrda bu ko'rsatkich 1,6 mln tonnadan oshdi.

Fabrikada 12 ta tegirmon o'rnatilgan bo'lib, ulardan o'ntasi allaqachon ishlamoqda, qolgan ikkitasida esa ishga tushirish-sozlash ishlari va sinovlar davom etmoqda. Kelgusida OKMK korxonani loyiha quvvatiga olib chiqish, texnologik jarayonlarni barqarorlashtirish va ishlab chiqarilayotgan konsentratning talab qilinadigan sifatini ta'minlashni rejalashtirmoqda.